Konstitutsiya — ilm-fan va innovatsiyalar taraqqiyotining huquqiy kafolati
2026-yil 8-dekabr kuni Özbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 34 yil töladi. 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Boş qomusimiz mamlakatimiz mustaqil davlatçiligining huquqiy poydevorini yaratdi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini mustahkamladi.
2023-yil 30-aprelda ötkazilgan umumxalq referendumida esa Konstitutsiyaning yangi tahriri qabul qilindi. Unda inson huquqlari, ta’lim, ilm-fan, innovatsiyalar va intellektual mulkni himoya qilişga oid normalar yanada kengaytirilib, mustahkamlandi.
Ayniqsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 53-moddasi ilmiy va innovatsion faoliyat bilan şuğullanayotgan olimlar, tadqiqotçilar, ixtiroçilar va ijodkorlar uçun muhim huquqiy kafolatlarni belgilaydi.
Uşbu moddaga köra, har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalaniş huquqi kafolatlanadi. Şuningdek, intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinişi, davlat esa jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanişi haqida ğamxörlik qilişi belgilangan.
Bu norma qanday ahamiyatga ega?
Birinçidan, har bir insonning ilmiy izlaniş olib borişi, yangi ğoyalar yaratişi, tajriba va tadqiqotlar ötkazişi uçun konstitutsiyaviy asos mavjudligini anglatadi. Ilmiy ijod erkinligi yangi bilimlar, texnologiyalar va innovatsion yeçimlar yaratilişiga imkon beradi.
Ikkinçidan, intellektual mulkning qonun bilan muhofaza qilinişi olimlar va ixtiroçilarning mehnati natijalarini himoya qilişga xizmat qiladi. Ixtiro, foydali model, ilmiy işlanma yoki boşqa ijodiy mahsulot mualliflarining huquqlarini himoya qiliş esa ilmiy faoliyatga qiziqiş va yangilik yaratişga rağbatni oşiradi.
Uçinçidan, davlatning ilmiy va texnikaviy rivojlaniş haqida ğamxörlik qilişi ilm-fanni qöllab-quvvatlaş, ilmiy tadqiqotlar uçun şaroit yaratiş, yoşlarning ilmiy salohiyatini röyobga çiqariş va ilmiy işlanmalarni amaliyotga joriy etişning muhim huquqiy asosidir.
Bugungi kunda ilmiy işlanmalarni tijoratlaştiriş, startap loyihalarni rivojlantiriş, texnologiyalar transferi va intellektual mulkdan samarali foydalaniş mamlakat innovatsion taraqqiyotining muhim yönalişlariga aylanmoqda. 53-moddada belgilangan konstitutsiyaviy kafolatlar ana şu jarayonlarning huquqiy asoslaridan biri hisoblanadi.
Zero, ilmiy ğoya, ixtiro va innovatsiya qadrlanadigan jamiyatda taraqqiyot uçun yangi imkoniyatlar yaratiladi. Konstitutsiya esa bu jarayonning huquqiy kafolati va mustahkam poydevoridir!